2024 yil uchun davlat budjeti

2024 yilda yalpi ichki mahsulot o‘sishi 5,6-5,8 foiz, inflatsiya darajasi 8-10 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Taqchillik chegarasi – 52,5 trln so‘m yoki YaIMga nisbatan 4 foiz. Keyingi yilda 2023 yilga nisbatan Maktabgacha va maktab ta’limi, Qishloq xo‘jaligi va Suv xo‘jaligi vazirliklariga ko‘proq, Soliq qo‘mitasi, Tog‘-kon sanoati va geologiya, Yoshlar siyosati va sport vazirliklariga esa kamroq pul ajratiladi.

“2024 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Qonun loyihasiga ko‘ra, budjet daromadlari 270,3 trln so‘m, xarajatlari esa (budjetlararo transfertlarni inobatga olmagan holda) 279,6 trln so‘m miqdorida belgilangan. Taqchillik chegarasi –52,5 trln so‘m yoki YaIMga nisbatan 4 foiz.

2023 yilda olinadigan davlat tashqi qarzining cheklangan miqdori – 5 mlrd dollar. Shundan 2,5 milliardi davlat budjetini qo‘llab-quvvatlashga, 2,5 milliardi investitsiya loyihalariga yo‘naltiriladi. O‘zbekiston Respublikasi nomidan 25 trln so‘mlik davlat qimmatli qog‘ozlari chiqarilishi ko‘zda tutilmoqda.

2024 yilda yalpi ichki mahsulot 1 kvadrillion 301 trillion so‘mdan oshishi (1 301 759 trln so‘m) kutilmoqda. YaIM o‘sishi 2024 yilda 5,6-5,8 foiz, 2025 yilda 6,2 foiz, 2026 yilda 6,4 foiz bo‘lishi prognoz qilinmoqda.

Hujjatga ko‘ra, 2024 yilda inflatsiya darajasi 8-10 foiz atrofida shakllanishi mo‘ljal qilinmoqda.